Sadir Japarov qirg‘iz-tojik chegarasida halok bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirdi

Sadir Japarovning Qirg‘iziston xalqiga murojaati e’lon qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 17 sen — Sputnik. Qirg‘iz Respublikasi prezidenti Sadir Japarov qirg‘iz-tojik chegarasidagi qurolli mojaro yuzasidan munosabat bildirib, halok bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirdi.
Prezident o‘z murojaatida qirg‘iz xalqini yanada jasoratli bo‘lishga chaqirdi.
“Afsuski, qurolli to‘qnashuvlarda ko‘plab insonlar halok bo‘lmoqda. Kecha bo‘lib o‘tgan to‘qnashuvlarda o‘q yomg‘iridan qochmagan mard chegarachilarimizning jasorati, dushman hujumini qaytarishda ko‘rsatgan qahramonliklari uchun minnatdorchilik bildiraman", deydi Sadir Japarov.
Shuningdek, chegaradagi vaziyat ortidan Tojikiston tomonidan ham odamlar jabrlangani qayd etilgan.
“Ushbu qurolli to‘qnashuvda faqat bizning fuqarolarimiz halok bo‘lmadi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Tojikiston tomoni katta yo‘qotishlarga uchragan”, deyiladi murojaatda.
Ta’kidlanishicha, nima bo‘lganda ham Qirg‘iziston bir metr yerni bermaydi va milliy manfaatlarni qat’iyat bilan himoya qiladi.
“O‘zbekiston bilan chegara masalalari deyarli hal qilingan, Tojikiston bilan esa yo‘q. Tarix shuni ko‘rsatadiki, bu masalalar sabr-toqat va puxtalik bilan ko‘rib chiqishni talab qiladi”, deydi prezident.
Qirg‘iziston ularni imkon qadar tezroq hal qilishga harakat qilmoqda.