Putin tunda Pashinyan bilan Armaniston-Ozarbayjon chegarasidagi vaziyatni muhokama qildi

Putin va Pashinyan telefon orqali Armaniston-Ozarbayjon chegarasidagi vaziyatni muhokama qilgan.
Sputnik
TOShKENT, 16 sen — Sputnik. Ayni vaqtda Samarqandda bo‘lib turgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin tunda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Rossiya yetakchisining matbuot kotibi Dmitriy Peskov RIA Novostiga ma’lum qildi.
“Haqiqatan ham, kechasi telefon orqali suhbat bo‘ldi”, - degan Peskov.
Armaniston Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Putin va Pashinyan telefon orqali Armaniston-Ozarbayjon chegarasidagi vaziyatni muhokama qilgan.
Seshanbaga o‘tar kechasi Armaniston-Ozarbayjon chegarasida jangovar harakatlar boshlandi, tomonlar bir-birini vaziyatni keskinlashtirishda aybladi.
Yerevanning ma’lum qilishicha, Ozarbayjon harbiylari artilleriya va uchuvchisiz samolyotlar yordamida Armaniston hududini o‘qqa tutgan. Chegaradagi hududlar — Gegarkunik, Vayosdzor, Sunik viloyatlari (Armanistonni Eron bilan bog‘laydi ) o‘qqa tutildi. Bu hududlarning Qorabog‘ga hech qanday aloqasi yo‘q.
Boku arman harbiylari Ozarbayjon qo‘shinlarining chegaradagi pozitsiyalarini o‘qqa tutgani, to‘qnashuv bo‘lganini ma’lum qildi. Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi Armanistonni tinchlik jarayonini buzish niyatida aybladi. Har ikki tomon o‘z harbiylari orasida qurbonlar borligini ma’lum qildi.
Armaniston Mudofaa vazirligi chorshanba kuni Armaniston-Ozarbayjon chegarasida yong‘in to‘xtatilgani haqida xabar berdi. Pashinyan juma kuni chegaradagi mojarolar oqibatida 135 kishi halok bo‘lganini aytdi.
Putin hozir Samarqandda. 15-sentabr kuni u bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar, jumladan, Xitoy rahbari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bugun Samarqandda ShHT sammiti bo‘lib o‘tmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Armaniston-Ozarbayjon chegarasidagi notinch vaziyat sabab Armaniston prezidenti Nikol Pashinyan Samarqanddagi ShHT sammitida ishtirok etmayapti.