TOShKENT, 16 sen — Sputnik. Turkiya prezidenti Rajab Tayyip Erdog‘an Suriya prezidenti Bashar Asad Samarqanddagi sammitga kelgan taqdirda u bilan uchrashmoqchi edi. Bu haqda “Hurriyet” gazetasi xabar bergan.
“Erdog‘an quyidagi tarixiy bayonotni aytdi: “Afsuski, Asad O‘zbekistonga kelmadi, men u bilan uchrashgan bo‘lardim”, deya Turkiya yetakchisining so‘zlari keltirilgan.
Avvalroq Eronning “Tasnim” agentligi Turkiya va Suriya prezidentlarining Samarqandda bo‘lishi mumkin bo‘lgan uchrashuvi haqida xabar bergan edi. Biroq Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘lining aytishicha, Asad tadbirga taklif qilinmagan.
Turkiya rasmiysiga ko‘ra, Rossiya tomoni Suriya va Turkiya muammolarni yengib o‘tishini va “kelishuv”ga erisha olishini istaydi.
Eslatib o‘tamiz, bugun Samarqandda ShHT davlat rahbarlari sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda 13 ta davlat rahbarlari va 10 dan ortiq xalqaro tashkilotlar yetakchilari ishtirok etdi.