Vuchich Yevropada Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng og‘ir qish kutilayotganidan ogohlantirdi

Vuchich: 31-martgacha butun Yevropa uchun Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng og‘ir oylar bo‘ladi.
Sputnik
TOShKENT, 15 sen — Sputnik. Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich parlamentning navbatdan tashqari sessiyasida butun Yevropa kabi mamlakatni ham Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng og‘ir qish kutayotganini ma’lum qildi.
Vuchich ikki kun davomida Kosovodagi vaziyat va Belgrad va Prishtina o‘rtasidagi muzokaralarga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyada ishtirok etdi. Seshanba kuni Serbiya prezidenti parlamentdagi munozaralarda taxminan 11 soat, chorshanba kuni esa deyarli 14 soat vaqt sarfladi.
O‘zining yakuniy so‘zida Vuchich o‘zi va mamlakat fuqarolari “hech qanday holatda Kosovo mustaqilligini tan olmasligini va bu qandaydir alohida jasorat emasligini” ta’kidladi.
“Odamlar shuni bilishlarini istaymanki, keyingi olti yarim oy – 31-martgacha butun Yevropa uchun Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng og‘ir oylar bo‘ladi. Har holda, bu serb xalqi, Serbiya va uning fuqarolari uchun 1945-yildan hozirgi kungacha bo‘lgan eng og‘ir yillardan biri bo‘ladi”, dedi prezident.
Uning ta’kidlashicha, qishgacha Serbiyaning Banatski-Dvor yer osti gaz omborida va Vengriyadan ijaraga olingan quvvatlarda 663 million kub metr gaz zaxiraga olingan, bu ikki oyga yetadi.
Joriy yilning 24-fevral kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donbass respublikalari rahbarlarining yordam so‘rashi munosabati bilan Ukrainada maxsus harbiy operatsiya o‘tkazilishini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Moskvaning rejalarida Ukraina hududlarini bosib olish yo‘q, maqsadlar esa mamlakatni demilitarizatsiya va denatsifikatsiya qilishdir. G‘arb Rossiyaning qaroriga javoban unga qarshi ko‘plab va keng ko‘lamli sanksiyalarni bosqichma-bosqich joriy qila boshladi. G‘arb davlatlari Kiyevga o‘n milliardlab dollar miqdorida qurol va harbiy texnika yetkazib berishni boshladi.
Ayrim G‘arb siyosatchilari bu, aslida, Rossiyaga qarshi iqtisodiy urush ekanini tan oldi. Putin ta’kidlaganidek, G‘arbning Moskvaga qarshi sanksiyalar siyosatida barcha tajovuzkorlik belgilari mavjud.