TOShKENT, 13 sen — Sputnik. Amerika Qo‘shma Shtatlari Rossiyaning eng yirik savdo hamkorlari o‘nligidan chiqib ketdi, mamlakatlar o‘rtasidagi savdo aylanmasi qariyb 65 foizga kamaydi. Bu haqda Federal bojxona xizmati (FBX) rahbari o‘rinbosari Vladimir Ivin RIA Novosti agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“AQSh bilan savdomiz juda yaxshi bo‘lgan, u doimo birinchi o‘nta hamkorlar qatorida bo‘lgan, hozir esa yo‘q. Ya’ni, bizda AQSh bilan savdo hajmi 65 foizga pasaygan”, dedi Ivin.
Shu bilan birga, u Hindiston kuchli o‘nlikka kirganini ta’kidladi.
“Ular yoqilg‘i-energetika, kimyo sanoati mahsulotlarini faol sotib olmoqda. Ularning o‘zi bizga farmatsevtika guruhi, oziq-ovqat mahsulotlari eksportini ko‘paytirdi”, deya qo‘shimcha qildi u.
Federal bojxona xizmati rahbari o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning eng yirik o‘nta savdo hamkori hozirda shunday ko‘rinishga ega: Xitoy birinchi o‘rinda, Niderlandiya ikkinchi o‘rinda, Turkiya uchinchi o‘rinda, undan keyingi o‘rinlarda esa Germaniya, Belarus, Janubiy Koreya, Italiya, Fransiya, Qozog‘iston, Hindiston.