TOShKENT, 12 sen — Sputnik. Serbiya poytaxti Belgrad shahrida bo‘lib o‘tayotgan sport kurashlari bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Jasurbek Ortiqboyev bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bu haqda Sportni rivojlantirish vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 11-sentabr kuni yunon-rum kurashi bo‘yicha -55 kg vazn toifasida ishtirok etgan Jasurbek Ortiqboyev chempionatda ishtirok etayotgan o‘zbekistonliklar orasida birinchi medalni qo‘lga kiritgan.
Chorak finalda gruziyalik Nugzari Sursumiyaga 5:2 hisobida imkoniyatni boy bergan Jasurbek o‘tish bahsida iordaniyalik Mustafo Sulton Alqadini 11:0 hisobida, bronza medali uchun kechgan kurashda esa qozog‘istonlik Omongali Bekbolatovni 9:5 hisobida mag‘lub etib sovrindorlar safidan joy olgan.