TOShKENT, 11 sen — Sputnik. Rospotrebnadzorning Rostov mikrobiologiya va parazitologiya ilmiy-tadqiqot instituti olimlari Rossiyada rotavirusga qarshi birinchi vaksinani yaratdi.
Rospotrebnadzor xabariga ko‘ra, 2023-yilda vaksinani ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilyapti. Hozir uning klinik tadqiqotlari yakunlanmoqda.
Rotavirus – bu o‘tkir ichak yuqumli kasalligi hisoblanadi. Uni har qanday yoshda yuqtirib olish mumkin, ammo 1,5 yoshdan 2 yoshgacha bo‘lgan bolalarda mazkur infeksiya bilan kasallanish holatlari ko‘proq uchraydi.
Rotavirus infeksiyasi maishiy jihozlar, yuvilmagan qo‘llar, uy-ro‘zg‘or buyumlari, oziq-ovqat mahsulotlari orqali odamdan odamga yuqadi. Kasallik virusi asosan oshqozon-ichak yo‘lida tarqaladi, ovqat hazm qilish fermentlarini ishdan chiqaradi. Buning oqibatida tana harorati ko‘tarilib, ko‘ngil ayniydi, ich ketishi kuzatiladi. Bu jarayon bolalarda ancha og‘ir kechishi, organizm bir kecha-kunduzda bir litrdan ko‘proq suyuqlik yo‘qotishi mumkin. Shuningdek, u aksirish yoki yo‘talish orqali ham yuqishi kuzatilgan.
O‘lim holatlari og‘ir suvsizlanish bilan kechadigan gastroenteritni rivojlanishi tufayli 1 yoshgacha bolalar o‘rtasida kuzatiladi.
Rotavirus infeksiyasiga qarshi emlash epidemiologik ko‘rsatkichlarga ko‘ra Rossiya milliy emlash taqvimiga kiritilgan.