TOShKENT, 9 sen — Sputnik. Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev va Turkmaniston Bosh vaziri o‘rinbosari Botir Atdayev Toshkentda avtomobil va boshqa texnika vositalarini hamkorlikda ishlab chiqarishni tashkil etish masalalarini muhokama qildi. Bu haqida “RIA Novosti” xabar berdi.
Uchrashuv davomida tomonlar Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasida 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan savdo-iqtisodiy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish dasturini amalga oshirish istiqbollarini ko‘rib chiqishdi.
Bundan tashqari, bosh vazir o‘rinbosarlari joriy yil oxirigacha savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha Turkmaniston-O‘zbekiston qo‘shma hukumatlararo komissiyasining navbatdagi 17- majlisini o‘tkazish imkoniyatlarini muhokama qilishdi.
“Bundan tashqari, tomonlar Turkmanistonda birgalikda avtomobillar, qishloq xo‘jaligi texnikasi va maishiy texnika ishlab chiqarishga qiziqish bildirdi”, deyiladi xabarda.
Ikki davlat vakillari transport-logistika aloqalarini kengaytirish, jumladan, ikki davlat hududi orqali yuklar tranzitini rag‘batlantirish, dengiz portlari imkoniyatlaridan foydalangan holda xalqaro transport yo‘laklari bo‘ylab tajriba-sinov tashishni tashkil etish masalalarini ham ko‘rib chiqishdi.