O‘tgan yili kiberjinoyatlardan ko‘rilgan zarar 6 trln dollardan oshdi – Aripov

Aripov axborot texnologiyalarining tez tarqalishi bir qator obyektiv muammolarni keltirib chiqarishini ta’kidladi.
Sputnik
TOShKENT, 6 sen — Sputnik. Axborot xavfsizligini ta’minlash alohida ahamiyatga ega bo‘lib, ShHTga a’zo davlatlardan axborot sohasidagi zamonaviy chaqiriq va tahdidlarga qarshi kurashishning muvofiqlashtirilgan mexanizmlarini ishlab chiqishni talab qiladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov ShHTning axborot xavfsizligi bo‘yicha ilmiy-ekspert forumi davomida ma’lum qildi.
Shuningdek, u axborot texnologiyalarining tez tarqalishi bir qator obyektiv muammolarni keltirib chiqarishini ta’kidladi. Qayd etilishicha, ular xavfsizlik tizimida yangi zaifliklarning paydo bo‘lishiga olib keladi.
Aripovning qayd etishicha, jahon ekspertlarining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2021-yilda kiberjinoyatlardan ko‘rilgan zarar dunyo bo‘ylab 6 trillion dollardan oshgan.
“Bugungi kunda eng ko‘p hujumga uchragan tarmoqlar energetika, sanoat, mudofaa, davlat boshqaruvi sohalaridir”, dedi u.
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining so‘zlariga ko‘ra, terrorchilar ham keng ko‘lamli targ‘ibot va muvofiqlashtirish faoliyatining yangi bosqichiga ko‘tarilgan.

“Ularning nazarida, birinchi navbatda, yoshlarimizning ongi zaif. Bu salbiy tendensiyalar ShHTga a’zo davlatlardan kibermakonni himoya qilish, axborot xavfsizligini milliy va mintaqaviy darajada ta’minlash bo‘yicha kompleks yondashuvlarni ishlab chiqishni taqozo etadi”, - deya xulosa qildi Aripov.