TOShKENT, 5 sen — Sputnik. O‘zbekistonda advokatlik guvohnomasini olish elektronlashtiriladi. Bu haqida Adliya vaziri matbuot kotibi Sevara O‘rinbayeva xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda advokatlik guvohnomasini olishda talabgor ariza berish uchun adliya organiga tashrif buyurishi, ortiqcha hujjatlarni taqdim etishi, guvohnoma rasmiylashtirilganidan so‘ng uni olib ketish uchun takroran adliya organiga tashrif buyurishi talab etiladi. Bu esa, ortiqcha vaqt va ovoragarchilikni talab etadi.
Mazkur ovoragarchiliklarni bartaraf etish maqsadida Vazirlar Mahkamasining “Advokatlik guvohnomasini berish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror loyihasi ishlab chiqildi.
“Endilikda advokatlik guvohnomasini olish uchun faqatgina elektron murojaat qilishning o‘zi kifoya bo‘ladi”, deyiladi xabarda.
Loyihada advokatlar uchun quyidagi yengilliklar nazarda tutilmoqda:
Advokatlik guvohnomasini olish uchun elektron shaklda murojaat qilinadi;
agarda advokat advokatlik tuzilmasini yangi tashkil etgan bo‘lsa, advokatlik guvohnomasini olish uchun murojaat qilishi talab etilmaydi. Unga guvohnoma avtomatik tarzda kompozit xizmat ko‘rsatish yo‘li bilan beriladi.
Qaror loyihasi qabul qilinsa, advokatlik guvohnomasini guvohnoma beruvchi organga bormasdan turib olish mumkin bo‘ladi. Bunda advokatlik guvohnomasi advokatning xohishiga ko‘ra advokatlik tuzilmasining manziliga pochta orqali yuboriladi.
Advokatlik guvohnomasi
© Adliya vazirligi
Advokatlik guvohnomasi QR-kod qo‘yilgan ID card shaklida rasmiylashtiriladi.
QR-kodni skanerlash orqali advokatning advokatlik guvohnomasi kim tomonidan berilganligi, advokat maqomi, advokat faoliyat yuritayotgan advokatlik tuzilmasining nomi, advokatning ixtisosligi, litsenziya raqami va berilgan sanasi aniqlanadi.
Bunda advokatning ixtisosligi va faoliyat yuritadigan tuzilmasi o‘zgarganda guvohnomani qayta rasmiylashtirish talab etilmaydi.