TOShKENT, 4 sen — Sputnik. O‘zbekiston terma jamoasi yarim himoyachisi Oston O‘runov Yekateringburgning “Ural” klubiga o‘tdi.
Rossiya futbol klubi xabariga ko‘ra, O‘runov jamoa tarkibiga erkin agent sifatida qo‘shilgan va 5-sentabrdan boshlab mashg‘ulotlarga kirishadi.
Avvalroq Oston O‘runov va Moskvaning "Spartak" jamoasi o‘rtasidagi shartnoma o‘zaro kelishuvga ko‘ra bekor qilingan edi.
21 yoshli futbolchi 2020-yil yozidan buyon “Spartak” sharafini himoya qilib kelayotgan edi. Futbolchi "qizil-oqlar" safida 9 ta o‘yinda ishtirok etib, bitta gol muallifiga aylangan. O‘runov 2020/21 yilgi mavsum o‘rtasidan boshlab "Ufa"da ijara asosida o‘ynadi. Biroq klub mavsum yakuniga ko‘ra quyi ligaga tushib ketdi.