Minskdagi G‘ulom Yoqubov nomidagi maktabga o‘zbek adiblari kitoblari taqdim etildi

Diplomatlar yosh avlodga fashizm balosiga qarshi kurashda jasur ajdodlar ko‘rsatgan mardlik va matonatni aslo yoddan chiqarmaslik kerakligini ta’kidlashdi.
Sputnik
TOShKENT, 4 sen — Sputnik. Ikkinchi jahon urushi qahramoni o‘zbekistonlik G‘ulom Yoqubov nomi berilgan Minsk shahridagi 36-sonli o‘rta maktabda “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
“Dunyo” AA xabariga ko‘ra, tadbirda mamlakatning Belarusdagi elchixonasi xodimlari ishtirok etib, G‘ulom Yoqubovning hayoti, Ikkinchi jahon urushida Belarus hududida qo‘rsatgan jasorati haqida so‘zlab berishgan.
Shuningdek, O‘zbekistonning buyuk g‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasi haqida ma’lumot taqdim etildi, yosh avlodga fashizm balosiga qarshi kurashda jasur ajdodlar ko‘rsatgan mardlik va matonatni aslo yoddan chiqarmaslik kerakligi ta’kidlab o‘tildi.
Diplomatlar maktab kutubxonasiga O‘zbekiston shoir va adiblari ijodiga mansub turkum kitoblarni taqdim etishdi.
Avvalroq Belarus poytaxti Minsk shahridagi 36-sonli o‘rta maktabga G‘ulom Yoqubov nomi berilgani xabar qilingan edi.