Rossiya Federatsiyasida vaqtincha ishlaydigan chet el fuqarolari va doimiy yashovchi yuqori malakali mutaxassislar majburiy tibbiy sug‘urta (bepul tibbiy yordam) tizimida sug‘urtalangan shaxslarga aylanadilar. Ya’ni ular OMS polislari olish huquqiga ega bo‘ladi, - deyilgan xabarda.
OMS (Obazatelnoe meditsinskoe straxovanie) - bu umumrossiya tibbiy sug‘urta tizimi bo‘lib shu kunga qadar bunday polis faqat Rossiya Rossiya fuqarolariga berilar edi. Uning doirasida fuqarolar qator tibbiy xizmatlarni bepul olish huquqiga ega.
Mehnat migrantlari shu kunga qadar faqat DMS (Dobrovolnoe meditsinskoe straxovanie) polislari rasmiylashtirishi huquqiga ega edilar. DMS polislari odatda ambulatoriya tibbiy yordami, favqulodda xirurgiya va repatriatsiya xizmatlarini o‘z ichiga oladi.
2023 yildan boshlab Rossiyada vaqtinchalik mehnat faoliyati olib borayotgan shaxslarni ishga qabul qilishda ulardan DMS polisi talab qilinmaydi. Ular uch yil davomida sug‘urta to‘lovlarini to‘laganidan so‘ng, Rossiyada ishlayotgan chet el fuqarolari OMS polisi bo‘yicha tibbiy yordam olish huquqiga ega bo‘ladilar.
Fuqarolik-huquqiy shartnomalar bo‘yicha ishga qabul qilingan chet el fuqarolariga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik va onalik ta’tili munosabati bilan majburiy tibbiy sug‘urta (OMS) bo‘yicha kafolatlar taqdim etiladi.