TOShKENT, 31 avg — Sputnik. Kuzda koronavirus yanada avj olishi kutilmoqda. Bu haqida Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, dunyo epidemiologlari ushbu faslda koronavirus yanada tez sur’atlarda tarqalishi mumkin, degan xulosada.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy burosi rahbari Xans Klyugening ma’lum qilishicha, bu davrda kasallanishlar soni keskin o‘sishi kutilmoqda.
“Yevropa mintaqasida pandemiya boshlanganidan buyon COVID-19ni yuqtirgan bemorlar soni bir necha hafta o‘tib 250 million nafarga yetadi”, deydi u.
Xans Klyugening so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan davrda koronavirusga qarshi kurash borasida katta natijalarga erishilganiga qaramasdan hali infeksiya keng tarqalishda davom etmoqda.
Shifoxonalarga hamon bu kasallikka chalingan bemorlar yotqizilmoqda va hanuz juda ko‘p o‘lim holatlari kuzatilmoqda.
O‘tgan haftaning o‘zida Yevropa mintaqasida 3 ming nafarga yaqin kishi mazkur xastalik oqibatida hayotdan ko‘z yumdi. Bu dunyo bo‘yicha 22-28 avgust kunlari koronavirusdan vafot etganlarning uchdan bir qismini tashkil qiladi.
Hozirda jahondagi ko‘plab mamlakatlar emlash jarayonini uzluksiz davom ettirmoqda.
Ta’kidlanishicha, Yevropada hali vaksina olmagan millionlab kishilar bor.
JSST vakili odamlarning emlanishi uchun zarur choralarni topish va bu mavsumda gripp epidemiyasiga qarshi vaksinalarni ham qo‘llashga alohida ehtibor qaratish zarurligini qayd etdi.