TOShKENT, 30 avg — Sputnik. O‘zbekiston mustaqilligining 31-yilligi munosabati bilan pensiya to‘lovlari oldindan yuklab beriladi. Bu haqda Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmati xabar berdi.
“Yurtimizdagi keksa yoshdagi fuqarolarni, pensiya va nafaqa oluvchilarni hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash va Mustaqillik bayramini ko‘tarinki ruhda o‘tkazish maqsadida Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan joriy yilning sentabr oyi uchun pensiya va nafaqa to‘lov qaydnomalari avgust oyida shakllantiriladi”, - deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, jamg‘arma pensiya va nafaqa to‘lovlarini boshlash uchun yetarli mablag‘larni 2022-yil 1-sentabrga qadar tijorat banklariga moliyalashtirib beradi.
Pensiya va nafaqa to‘lovlarini naqd pulsiz (bank karta) shaklda oluvchi fuqarolarning joriy yil sentabr oyi uchun pensiya hamda nafaqalari 2022-yil 1-sentabrga qadar ularning bank plastik kartalariga yuklab beriladi.
Pensiya va nafaqa to‘lovlarini naqd shaklda oluvchi fuqarolarga joriy yilning 5-sentabrdan boshlab tasdiqlangan grafiklar asosida to‘lovlar boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, Mustaqillik bayrami munosabati bilan O‘zbekistonliklar ketma-ket 4 kun dam oladi:
1 sentabr, payshanba–O‘zbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni, ishlanmaydigan bayram kuni. Yakshanba kunlari uchun tasdiqlangan jadvallar asosida;
2 sentabr, juma – qo‘shimcha dam olish kuni. Yakshanba kunlari uchun tasdiqlangan jadvallar asosida;
3 sentabr, shanba– odatiy dam olish kuni. Shanba kunlari uchun tasdiqlangan jadvallar asosida;
4 sentabr, yakshanba –odatiy dam olish kuni. Yakshanba kunlari uchun tasdiqlangan jadvallar asosida.