2024 yilda Xivaga tezurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ko‘ra, Xivaga tezurar poyezd qatnovi 2024-yilda yo‘lga qo‘yiladi.
Sputnik
TOShKENT, 30 avg — Sputnik. 2024 yilda Xiva shahriga tezurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha Urganch shahrida Jaloliddin Manguberdi haykalining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimda ma’lum qildi.
“Ochiq osmon ostidagi muzey” nomini olgan Xiva shahriga temir yo‘l yetib bordi va yangi vokzal ishga tushirildi. 2024-yilda esa tezurar poyezdini Xivaga olib kelishni reja qilganmiz”, - deydi davlat rahbari.
Shavkat Mirziyoyevga ko‘ra, Urganch va Xiva shaharlari o‘rtasidagi avtomobil yo‘li bo‘yida 100 dan ziyod zamonaviy servis obyektlari barpo etiladi.

“Islom hamkorlik tashkiloti tomonidan Xiva shahrining 2024-yilda “Islom dunyosining turizm poytaxti” deb e’lon qilinishi, bu sohadagi islohotlarimizning munosib e’tirofi bo‘ldi. Boshlagan ishlarimizni izchil davomi sifatida, vohada mahalliy va chet ellik sayyohlar uchun jozibador “Xorazm” turistik brendini yaratish bo‘yicha aniq reja asosida ish olib borilmoqda”, - deydi prezident.

Qo‘shimcha qilinishicha, Xorazmga tashrif buyuradigan xorijiy sayyohlar sonini keskin oshirish uchun hududlar aro va xalqaro transport qatnovlarini kengaytirish maqsadida zarur infratuzilmalar yaratiladi.
Jumladan, yo‘lovchilar oqimi bo‘yicha poytaxt aeroportidan keyingi o‘rinda turadigan Urganch xalqaro aeroporti kelgusi 2-yilda rekonstruksiya qilinib, yirik turistik transport xabiga aylantiriladi.