TOShKENT, 29 avg — Sputnik. Tojikiston prezidenti administratsiyasi huzuridagi statistika agentligi delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Bu haqda Sputnik muxbiriga O‘zbekiston davlat statistika qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Usmon Abdurasulov ma’lum qildi.
9 nafar vakildan iborat qo‘shni mamlakat delegatsiyasi bir hafta mobaynida O‘zbekistonda bo‘lishdi. Tashrif chog‘ida ular Toshkent viloyati Parkent tumanida qishloq xo‘jaligi sohasida sinov tariqasida o‘tkazilayotgan ro‘yxatga olish jarayonlari bilan tanishdi.
“Bu tashrifning asosiy maqsadi uy xo‘jaliklarida o‘tkaziladigan aholi daromadlari tanlanma kuzatuvlari bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini o‘rganishdan iborat. Shuningdek, ish jarayonida qo‘llanilayotgan texnika va texnologiyalar, jumladan, aholini ro‘yxatga olishda planshetlar qo‘llanilayotgani biz uchun yangi tajriba bo‘ldi”, - dedi Tojikiston statistika agentligi bo‘lim boshlig‘i Voris Murodov.
Delegatsiya a’zolariga “Uy xo‘jaliklari tanlanma kuzatuvlarini o‘rganish va kambag‘allik monitoringini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida ma’lumotlarni to‘plash dasturini yangilash, statistik ma’lumotlardan keng foydalanish va o‘zaro tajriba almashish bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, O‘zbekiston tajribasini o‘rganish maqsadida, uy xo‘jaliklari tanlanma kuzatuvlarida ham hududga chiqqan holatda bevosita jarayonlarda qatnashib, aholi va registratorlar bilan suhbat qilishdi.
Tomonlar kelgusida hamkorlikda ko‘plab loyihalarni amalga oshirishga kelishib olishdi.