TOShKENT, 28 avg — Sputnik. Amerika Qo‘shma Shtatlari Ukrainaga bir dollar ham yubormasligi kerak, uning o‘rniga Vashington ichki muammolarga e’tibor qaratishi lozim. Bu haqda AQSh Respublikachilar partiyasi a’zosi Den Bishop “The American Conservative” nashriga bergan intervyusida ta’kidladi.
24 avgust kuni Qo‘shma Shtatlar prezidenti Jo Bayden Ukrainaga eng katta harbiy yordam paketi – qariyb uch milliard dollar ajratilishini e’lon qilgan edi.
“Ukrainaga uch milliard u yoqda tursin, bir dollar ham yubormasligimiz kerak. Biz Yevropadagi har qanday ittifoqdoshimiz sarflashga tayyor bo‘lganidan ancha ko‘p mablag‘ sarfladik, biroq ayni paytda o‘z chegaramiz xavfsizligini ta’minlash uchun bu mablag‘ning kichik qismini ham yig‘a olmayapmiz”, - deydi kongressmen.
Unga ko‘ra, Kiyevning “uzluksiz” moliyalashtirilishi Baydenning “Amerikaning tugashi” siyosatining yorqin namunasidir.
Avvalroq Moskva Ukrainaga qurol yetkazib berilgani uchun NATO davlatlariga nota yuborgan. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukraina uchun qurol bo‘lgan har qanday yuk Rossiya uchun qonuniy nishonga aylanishini bildirgan. Vazirlikka ko‘ra, NATO davlatlari Ukrainaga qurol yetkazib berish orqali “o‘t bilan o‘ynashmoqda”.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovga ko‘ra, Ukrainaga G‘arbdan qurol-yarog‘ yuborish Rossiya-Ukraina muzokaralarining muvaffaqiyatiga hissa qo‘shmaydi va salbiy ta’sir ko‘rsatadi.