TOShKENT, 28 avg — Sputnik. Bosniya va Gersegovinada dzudo bo‘yicha kadetlar o‘rtasidagi jahon chempionatining yakkalik bahslari yakuniga yetdi. Unda O‘zbekiston jamoasi 1 ta oltin, 4 ta kumush va 3 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida 4-o‘rinni egalladi. Bu haqda O‘zbekiston dzudo federatsiyasi xabar qildi.
Sarayevodagi musobaqalarning so‘nggi kunida Barchinoy Qodirova (-70 kg) finalda italiyalik raqibasini taslim etib, jahon chempionatining oltin medalini qo‘lga kiritdi.
“Bu bilan u Diyora Keldiyorovadan so‘ng kadetlar o‘rtasida jahon chempioni bo‘lgan ikkinchi o‘zbekistonlik dzudochimizga aylandi”, - deyilgan xabarda.
Shuningdek, -90 kg vaznda Abbos Shermahmatov kumush medalni qo‘lga kiritdi. U finalda imkoniyatni vengriyalik raqibiga boy berib qo‘ydi.
Jahon chempionatida Alisher Samanov (-81 kg), Shohjahon Otaboyev (-66 kg) va So‘g‘diyona Rafkatova (-52 kg) kumush medalga sazovor bo‘lishdi.
Xurshida Razzoqberdiyeva (-63 kg), Samariddin Muhbiddinov (-73 kg) va Umidaxon Burxonjonova esa (-44 kg) bronza medalga ega chiqishdi.
Bosniya va Gersegovinada 24-28 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida 60 ta mamlakatdan bo‘lgan 400 nafardan ziyod dzudochilar medal uchun kurash olib borishdi.