TOShKENT, 27 avg - Sputnik. Jizzax shahrida Sharof Rashidov nomidagi viloyat Axborot-kutubxona markazi foydalanishga topshirildi.
Yangi markazda umumiy hisobda 166 o‘rinlik 2 ta o‘quv va 1 ta elektron o‘quv zallari kitobxonlar xizmatiga tayyor, deyilgan xabarda. Shu bilan birga, kitobxonlar uchun 24 o‘rinli “Book Cafe” hamda 2 mingga yaqin yangi badiiy adabiyotlar bilan ta’minlangan bolalar bo‘limi tashkil etildi.
Axborot-kutubxona markazi ochilish marosimida, Jizzax viloyat hokimi Ergash Saliyev, AOKA direktori o‘rinbosari G‘ayrat Bozorov, O‘zbekiston milliy kutubxonasining direktor o‘rinbosari Sobir Djampo‘latov hamda viloyat keng jamoatchiligi, faxriylar ishtirok etishdi.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, oldin viloyat axborot-kutubxona markazining umumiy kitob fondi 68,8 ming nusxa, kitobxonlar soni esa 3 598 nafar bo‘lgan bo‘lsa. 2022-yil iyun holatiga kelib, umumiy fondi 90 ming nusxaga, foydalanuvchilar soni esa qariyb uch baravar ko‘paygan, lekin, kutubxonaning eski binosida bor-yo‘g‘i 20 nafar kitobxonni sig‘dira oladigan 1 ta o‘quv zali mavjud bo‘lgan.