Italiya fuqarosida bir vaqtning o‘zida COVID-19, maymun chechagi va OIV aniqlandi

Mutaxassislar buni tibbiyot tarixidagi ilk holat, deb baholamoqda.
Sputnik
TOShKENT, 25 avg — Sputnik. Italiyada 36 yoshli bemorga bir vaqtning o‘zida COVID-19, maymun chechagi va OIV tashxisi qo‘yildi. Mutaxassislar buni tibbiyot tarixidagi ilk holat, deb baholamoqda.
Qayd etilishicha, organizmda aniqlangan infeksiyalarning bunday kombinatsiyasi bemor salomatligiga qanchalik xavfli ta’sir ko‘rsatishi xususida hali hech qanday dalillar yo‘q.
Ma’lum bo‘lishicha, Italiya fuqarosi bir muddat avval Ispaniyaga besh kunlik sayohatga borgan. Safardan qaytgach, to‘qqiz kun davomida tana harorati 39 darajaga ko‘tarilib, tomoq va bosh og‘rig‘i hamda holsizlikdan aziyat chekkan.
Tibbiy tekshiruvlar davomida unda SOVID-19 qayd etilgan. Biroq shu kunning ikkinchi yarmida bemor chap qo‘lida toshmalar paydo bo‘la boshlagan.
Ertasi kuni esa deyarli butun tanani og‘riq beruvchi pufakchalar qoplagan. Qo‘shimcha tekshiruvlardan so‘ng u maymun chechagi virusi va OIV infeksiyasini ham yuqtirgani aniqlandi.
Aslida maymun chechagining OIVga chalingan bemorlarda qayd etilishi avvalroq ma’lum bo‘lgandi. Ammo bu kombinatsiyaga koronavirus ham qo‘shilishi mutaxassislar uchun yangilik bo‘ldi.
Ayni paytda olimlar mazkur holatni chuqurroq o‘rganish yuzasidan tegishli tadqiqotlar olib bormoqda.