Pensiya ta’minotida MDH davlatlari bilan hamkorlik kuchaytiriladi

Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktorning birinchi o‘rinbosari qator davlat vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Sputnik
TOShKENT, 24 avg — Sputnik. O‘zbekiston pensiya ta’minoti sohasida Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi mamlakatlari bilan hamkorlikni mustahkamlaydi va tizimli ishlarni amalga oshiradi. Bu haqda Sputnik nashriga Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ma’lum qildi.
17-20 avgust kunlari Qozog‘istonning Olmaota shahrida “Xalqaro pensiya va ijtimoiy jamg‘armalar assotsiatsiyasi – 30-yil” mavzusidagi xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.
Unda MDH va Boltiqbo‘yi davlatlari hamda bir qator xorijiy mamlakatlarning ijtimoiy va pensiya jamg‘armalari, shuningdek, xalqaro ekspertlar ishtirok etishdi.
Ishtirokchilar pensiya tizimidagi so‘nggi yangiliklar va islohotlarga to‘xtalishdi va mavjud muammolar va istiqboldagi rejalarni muhokama qilishdi.
Anjuman doirasida O‘zbekiston Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktorning birinchi o‘rinbosari Zohidxo‘ja Tursunov Qozog‘iston tomoni bilan pensiya ta’minoti sohasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan doimiy ravishda ma’lumotlar almashish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilashga kelishib oldi.
Ozarbayjon tomoni bilan muzokaralarda pensiya ta’minoti masalasi yuzasidan mamlakat delegatsiyasining Toshkentga tashrifiga oid kelishuv imzolandi.
Qolaversa, Armaniston va Qirg‘iziston vakillari bilan ham muzokaralar olib borilgan.
Uchrashuvlarda pensiya ta’minoti tizimida fuqarolarning ikki tomonlama pensiya olmasligini oldini olish choralari yuzasidan fikr almashilgan. Bunda MDHga a’zo mamlakatlar bilan o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirishga kelishib olingan.