Putin AQShni uning o‘z usuli bilan mag‘lub etadi - “The National Interest”

Marks: Ukraina mojarosi qanday yakunlanishidan qat’i nazar, Qo‘shma Shtatlar strategik yo‘qotishlarga duchor bo‘ladi.
Sputnik
TOShKENT, 22 avg — Sputnik. Ukrainadagi mojaro qanday oqibatlarga olib kelishidan qat’i nazar, Amerika Qo‘shma Shtatlari barbod bo‘ladi. Bu haqda “The National Interest” nashri uchun Ramon Marks yozgan.

“Ukraina mojarosi qanday yakunlanishidan qat’i nazar, Qo‘shma Shtatlar strategik yo‘qotishlarga duchor bo‘ladi. Rossiya Xitoy va Yevroosiyo qit’asining boshqa davlatlari, jumladan Hindiston, Eron, Saudiya Arabistoni va Fors ko‘rfazi davlatlari bilan yaqinroq munosabatlar o‘rnatadi”, - deyiladi maqolada.

Marksning qayd etishicha, yaqin yillarda Pekin va Moskva ikki davlat o‘rtasidagi neft va gaz tashish yo‘nalishlarini kengaytirishga katta miqdorda sarmoya kiritadi, bu esa Rossiyaga Xitoyga qazib olinadigan yoqilg‘i yetkazib beruvchi asosiy davlatga aylanish imkonini beradi.

“Rossiya Hindiston bilan ham energetika biznesini sezilarli darajada kengaytirdi. Rossiyaning qazib olinadigan yoqilg‘ilarini bu mamlakatga sotishning ko‘payishi AQSh, Avstraliya va Yaponiyaning Dehliga yaqinlashish harakatlariga zarar keltiradi”, - deb eslaydi jurnalist.

Muallifning fikricha, Qo‘shma Shtatlar uchun yana bir muammo bu Rossiyaga qarshi sanksiyalarning ta’siri bo‘ldi. Marks Qo‘shma Shtatlar endi dunyodagi yagona hukmron kuch emas, degan xulosaga kelgan.
Ukrainani denatsifikatsiya va demilitarizatsiya qilish bo‘yicha maxsus harbiy operatsiya boshlanganidan so‘ng G‘arb Moskvaga nisbatan sanksiyalar bosimini kuchaytirdi. Cheklovchi choralar birinchi navbatda bank sektori va yuqori texnologiyali mahsulotlarga ta’sir ko‘rsatdi. Ko‘pgina brendlar Rossiyadan chiqishini e’lon qildi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiyani jilovlash va kuchsizlantirish siyosati G‘arb uchun uzoq muddatli strategiya ekanligini va sanksiyalar butun jahon iqtisodiyotiga jiddiy zarba berganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh va Yevropaning asosiy maqsadi millionlab odamlar hayotini yomonlashtirishdir.