TOShKENT, 19 avg - Sputnik. Rossiyaning Boshqirdiston o‘lkasi rahbari Radiy Xabirov o‘z telegram kanalida O‘zbekistonning sayyohlar uchun jozibadorligi haqida post yozdi.
"O‘zbekiston hayratlanarli darajada go‘zal. Bu yerda ko‘rish mumkin bo‘lgan narsa bor – Toshkentning poytaxt hayoti, sayyohlik durdonalari – Samarqand, Buxoro va Xiva, Farg‘ona vodiysi, xususan, Namangan, men hozir shu yerda investorlar bilan uchrashmoqdaman.
Masalan, birgina Namangan viloyatining o‘zida 27 ta tarixiy va muqaddas qadamjolar mavjud. Madrasalar, masjidlar, maqbaralar...
Bu yer, ayniqsa, bahor va kuzda meva-sabzavot mo‘l-ko‘l bo‘lgan davrda gullab-yashnayotgan unumdor zamin. Men Boshqirdistonlik sayyohlar O‘zbekistonni o‘zlari uchun kashf qilishlarini juda istardim.
Bugun Ufadan O‘zbekistonga ikkita reys amalga oshirilmoqda. Samolyotlar yakshanba kunlari Toshkentga va chorshanba kunlari Namanganga uchadi. Agar talab bo‘lsa, biz qo‘shimcha reyslarni ham ochamiz.
Darvoqe, biz o‘zbek birodarlarimiz bilan promoushn haqida kelishganimiz yo‘q. Shunchaki bu yurtning go‘zalliklari meni hayratga soldi", - deb yozadi Xabirov.
Ma’lumot uchun, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Boshqirdiston o‘rtasida aloqalar izchil rivojlanib kelmoqda. Ikki davlat hamkorligida bir necha investitsion loyihalar ishga tushirilgan. Ular orasida gaz quyish shaxobchalari, avtomobillar uchun gaz ballonlari ishlab chiqish korxonasi va boshqalar bor. Shuningdek yog‘ochni qayta ishlash, turizm va boshqa sohalar ham bor.