TOShKENT, 18 avg — Sputnik. Qozog‘istonning Atirau viloyatida Xorazm savdo uyi ochiladi. Bu haqda Xorazm viloyati delegatsiyasining Qozog‘istonning Atirau va Mang‘istau viloyatlari rasmiylari uchrashuvida ma’lum qilindi.
“Dunyo” AA xabariga ko‘ra, uchrashuvda o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik sanoatida hamkorlik istiqbollari yuzasidan muzokaralar olib borilgan.
“Xususan, Xorazm viloyati delegatsiyasining Atirau viloyatiga qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha bildirgan tijorat takliflari, shuningdek, Atirau viloyatida Xorazm viloyatining savdo uyini ochish va viloyatda qo‘shma issiqxona kompleksini tashkil etish tashabbuslari Atirau viloyati akimi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi”, - deyilgan xabarda.
Shuningdek. Xorazm viloyatining qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti salohiyati va Atirau viloyatidagi savdo markazlarining ushbu mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyoji yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi.
Uchrashuv so‘nggida Xorazm viloyatining “Agro Land Max” FX va Atirau viloyatining “Asil Arba” MChJ o‘rtasida Atirau viloyatiga 1 million 27 ming AQSh dollar qiymatdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha shartnoma imzolandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2023-yilda Rossiyaning Yekaterinburg shahrida O‘zbekiston savdo uyi ochilishi xabar qilingan edi.