Maymun chechagi virusiga keng jamoatchilik takliflari asosida qayta nom beriladi - JSST

Tashkilotning viruslarga nom berish vakolatidan keng jamoatchilik ham foydalanishi mumkin - tafsilotlar.
Sputnik
TOShKENT, 16 avg — Sputnik. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) maymun chechagi virusi nomini o‘zgartirish bo‘yicha keng jamoatchilikka murojaat bilan chiqdi.
Qayd etilishicha, bunga olimlar va tibbiyot mutaxassislari tomonidan mazkur xastalik noto‘g‘ri nomlanganiga doir takroriy e’tirozlar sabab bo‘lgan.
Aslida, viruslarga nom berish JSST vakolatiga kiradi. Biroq bu gal odamlarga onlayn portal orqali o‘z takliflarini yetkazishi uchun imkoniyat yaratildi.
Maymun chechagining Kongo havzasi versiyasi endi "I tur", G‘arbiy Afrika varianti esa “II tur” deb ataladigan bo‘ldi.
Virusning o‘ziga esa keng jamoatchilik takliflari asosida yaqin istiqbolda qayta nom berilishi kutilyapti.
Ma’lumot uchun, maymun chechagi atamasi 1958-yilda istilohga kiritilgan. Virusning asosiy variantlari ular keng tarqalgan geografik hududlarga qarab nomlangan.
Biroq zamonaviy amaliyotga ko‘ra, yangi aniqlangan viruslar, infeksiyalar mutatsiyalari va ular bilan bog‘liq kasalliklar atamalari madaniy, ijtimoiy, milliy, mintaqaviy, kasbiy yoki etnik jihatdan kamsituvchi mazmunga ega bo‘lmasligi zarur.
Qolaversa, savdo-sotiq yoki yo‘lovchi tashish jamiyatlari faoliyati, turizm hamda hayvonot dunyosiga nisbatan munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi kerak.