TOShKENT, 16 avg — Sputnik. Jizzax viloyatida “Ishbilarmon ayol-2022” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Sputnik muxbiri.
“Baholash jarayonida ishtirokchilar tomonidan yangi ish o‘rinlari yaratish, eksport salohiyati, investitsiyalar jalb qilish va shu kabi mezonlar alohida e’tiborga olindi. Tan olish kerak, jamiyatimizda ishbilarmon, iste’dodli va xalqparvar ayollar ko‘p ekan”, - dedi O‘zLiDep Jizzax viloyat Kengashi “Ayollarning siyosiy faolligi, jamiyatdagi o‘rni va mavqeyini oshirish” bo‘limi mudiri Saida Umaraliyeva.
Hakamlar hay’atining xolisona baholash mezoniga ko‘ra, Sharof Rashidov tumanidagi “Gulchi opa” klaster xizmati ish boshqaruvchisi Ozodaxon Ergasheva tanlov g‘olibi deb topildi.
Mazkur klaster xizmatida bugungi kunda 114 nafar ish o‘rni yaratilgan. Ularning 50 nafari “Ayollar daftari”ga, 35 nafari esa “Yoshlar daftari”ga kiritilgan.
“Mazkur loyiha ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Men ularni yana ham faol bo‘lishlari va jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishlarida xuddi o‘z oila a’zosidek yonlarida turishni xohlayman. Ishonamanki, loyihamiz asosida biz ishbilarmon ayollarni kashf etamiz”, - dedi birinchi o‘rin sohibasi Ergasheva.
Tanlovning asosiy maqsadi ham bo‘sh ish o‘rinlarini yaratish, jamiyatda ishbilarmon, hunarmand ayollarni qo‘llab quvvatlashdan iborat.
“Ushbu tanlov viloyatimizdagi barcha ishbilarmon opa-singillarimiz uchun muloqot maydoni bo‘ldi. Bugun ham ishtirokchilar tayyorlagan ko‘rgazmalarni ko‘rib o‘zaro fikr almashdik. Tajribalarimizni o‘rtoqlashdik. Hatto, ba’zi ishtirokchilarimiz o‘zaro hamkorlik qilish to‘g‘risida kelishib olishdi, - deydi ikkinchi o‘rin laureati, Zafarobod tumanidagi “Bog‘boshi” fermer xo‘jaligi rahbari, “Do‘stlik” ordeni sohibi Sagadat Halimova.
Uchinchi o‘rinni egallagan Zarbdorlik “Guli Charos” xususiy korxonasi rahbari Gulnoza Tangirberdiyeva yosh bo‘lishiga qaramay 30 nafar doimiy va 40 nafar mavsumiy ish o‘rinlari yaratishga muvaffaq bo‘lgan.
“Ishbilarmon ayollar endilikda o‘z hunarlarini ko‘rsatib, ishlay boshlaydilar. Bir-birini yutuqlarini ko‘rib motivatsiya oladilar. Bu yanada ishchanlikni va mehnat samaradorlgini oshiradi. Shunday tanlovlarning ko‘p bo‘lishi ham ishbilarmon ayollarni aniqlashimizga yordam beradi”, -dedi Umaraliyeva.
Tanlov yakunida 3 ta asosiy o‘rindan tashqari turli yo‘nalishlar bo‘yicha nominatsiyalar taqdirlandi. G‘oliblarga diplom, statuetka va qimmatbaho sovg‘alar taqdim etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti 22-avgust kuni bo‘lib o‘tishi xabar qilingan edi.