Oq uy suveren davlatlarda olib borilayotgan tergovga aralashmasligi kerak – Zaxarova

Zaxarova AQSh prezidenti matbuot kotibi Karin Jan-Pyerning Oq uy Trampdan maxfiy hujjatlar topilishi bo‘yicha tergovga aralashmasligi haqidagi bayonotiga izoh berdi.
Sputnik
TOShKENT, 15 avg — Sputnik. Amerika Qo‘shma Shtatlari suveren davlatda olib borilayotgan har qanday tergovga aralashmasligi kerak. Chunki Oq uy sobiq prezident Donald Trampning tergoviga aralashmaydi. Bu haqda bugun Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova o‘zining Telegram’dagi sahifasida yozib qoldirdi.
Shu tariqa Zaxarova AQSh prezidenti matbuot kotibi Karin Jan-Pyerning Oq uy Trampdan maxfiy hujjatlar topilishi bo‘yicha tergovga aralashmasligi haqidagi bayonotiga izoh berdi.
“Unda nega u boshqa tergovlarga aralashadi? Oq uy va Davlat departamenti boshqa suveren davlatlarda olib borilayotgan tergovga aralashmasligi kerak, chunki Amerika tergovlariga hech kim aralashmaydi”, - dedi Zaxarova.
Tramp o‘tgan hafta uning Mar-a-Lagodagi uyida FQB xodimlari tomonidan reyd o‘tkazilganini aytgan edi. Sobiq prezidentning qo‘shimcha qilishicha, FQB xodimlari tintuvlar chog‘ida hech kimga, jumladan, advokatlarga ham ruxsat bermagan.
“Wall Street Journal”ning yozishicha, sobiq prezidentning mulkida tintuv o‘tkazish chog‘ida FQB xodimlari 11 ta maxfiy hujjatlar to‘plamini, shuningdek, hujjatlar, fotosuratlar va eslatmalar solingan 20 ga yaqin qutilarni olib qo‘ygan. Musodara qilingan hujjatlar orasida Trampning sobiq maslahatchisi Rojer Stounning avf etilishi haqidagi farmon ham bor edi.