TOShKENT, 12 avg — Sputnik. O‘zbekistonda Ixtirochilar va ratsionalizatorlar jamiyati tashkil qilinadi. Bu haqida Hukumat tomonidan qabul qilingan 440-sonli qarorda nazarda tutilgan.
Jamiyat respublika iqtisodiyotining barcha tarmoqlarida ixtirochilik faoliyatini rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.
Hujjatga ko‘ra, 2022-yildan har yili hududlar, tarmoqlar va sohalar kesimida ixtirochilik va ratsionalizatorlik bo‘yicha ko‘rik-tanlov o‘tkaziladi.
Ko‘rik-tanlov g‘oliblariga quyidagi miqdorda pul mukofotlari beriladi:
1-o‘ringa – BHMning 300 baravari (90 mln so‘m);
2-o‘ringa – BHMning 250 baravari (75 mln so‘m);
3-o‘ringa – BHMning 200 baravari (60 mln so‘m).
Mazkur mablag‘lar Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.
Ko‘rik-tanlovlarda g‘oliblarning ixtirolarini kelgusida startap loyihalar doirasida moliyalashtirishga ustuvorlik beriladi.
G‘oliblar magistratura mutaxassisligiga Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi granti hisobidan imtihonsiz qabul qilinadi.