Rossiya qanday qilib qisqa vaqt ichida yo‘l harakati xavfsizligini yaxshilashga muvaffaq bo‘ldi

Rossiya yo‘llarida so‘nggi 12-yil davomida YTHlar va o‘limlar soni pasayib kelmoqda. Batafsil maqolamizda o‘qing.
Sputnik
TOShKENT, 10 avg - Sputnik. Rossiya Ichki ishlar vazirligi 2022-yilning 6 oyi yakunlari bo‘yicha yo‘l harakati xavfsizligi statistikasini e’lon qildi. Unda RF hududida yo‘l-transport hodisalarining asosiy ko‘rsatkichlari pasayganligi qayd etilgan.
Xususan, yo‘l-transport hodisalari soni 7,2 foizga, halok bo‘lganlar soni 3,9 foizga, jarohatlanganlar soni 7,5 foizga kamaygan.
Aytish joizki, Rossiyada YTHlar va ularda o‘limlan va jarohatlar soni pasayish tendensiyasi 2011-yildan beri davom etmoqda. O‘tgan davrda yo‘l-transport hodisalari soni 27,4 foizga, halok bo‘lganlar soni bir yarim barobardan (42,2 foizga), jarohatlanganlar soni, shuningdek, yo‘l-transport hodisalari soni 27,3 foizga kamaygan. Buni quyidagi grafika ham tasdiqlaydi.
Rossiyada YTH oqibatida o‘limlar soni (har 100 ming aholi soniga nisbatan)
Rossiya IIV mutaxassislari va bir qator mustaqil ekspertlarning fikriga ko‘ra, bu quyidagi omillar tufayli sodir bo‘lgan:
1.
Yo‘l fondi budjetini ko‘paytirish. Aksariyat hududlarda yo‘l fondi oshishi va baxtsiz hodisalar va o‘limlarning kamayishi o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik mavjud;
2.
Yo‘l infratuzilmasini yaxshilash: yanada aniqroq belgilar, eng xavfli va tartibga solinmagan chorrahalar o‘rniga ajratuvchi to‘siqlar, tartibga solinadigan svetoforlar, ko‘priklar va yo‘l o‘tkazgichlar paydo bo‘lishi;
3.
Baxtsiz hodisalarning sabablarini tizimli o‘rganish va bartaraf etish;
4.
Yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmaganlik uchun jazoni bosqichma-bosqich kuchaytirish;
5.
Aholi o‘rtasida xavfsiz haydash uslubini faol targ‘ib qilish, ijtimoiy roliklar, hushor turmush tarzini targ‘ib qilish;
6.
Haydovchilik guvohnomasini berish qoidalarini qat’iylashtirish;

Eng ko‘p sodir bo‘lgan YTH turlari

2022 yilning birinchi yarmida Rossiyada quyidagi baxtsiz hodisalar eng ko‘p sodir bo‘ldi:
To‘qnashuvlar - 24378 (46%)
Piyodalarni urib ketish – 14227 (27%)
Yo‘ldan chiqib ketish - 5252 (10%)
To‘siqia urilish - 2776 (5%)
Velosipedchini urib ketish - 1917 (4%)
Boshqa turdagi baxtsiz hodisalar - 8%
Kim aybdor: yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchilar – 46919 ta holatda – 87,6%, yo‘l harakati qoidalarini buzgan piyodalar – 5299 (9,9%) va transport vositasining texnik nosozligi – 2646 (4,9%).
Shuningdek, 19404 ta (36%) holatda yo‘llarning ekspluatatsion xususiyatlari va holati talabga javob bermasligi aniqlangan.

YTH aybdorlari eng ko‘p qanday qoidabuzarliklar sodir etgan?

chorrahadan o‘tish tartibiga rioya qilmaslik - 9182 holat (19%);
yo‘l sharoitiga nomuvofiq tezlikda harakatlanish - 9232 (20%);
qarama-qarshi tomonga chiqib ketish - 4765 (10%);
masofaga saqlmaslik - 5233 (11%);
piyodalar o‘tish joyida qoidabuzarlik qilish – 4376 (9%).
Yo‘l-transport hodisasini sodir etgan haydovchilarning yosh guruhlarini tahlil qiladigan bo‘lsak, eng ko‘p yo‘l-transport hodisalarini 30 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan haydovchilar sodir etganini ko‘rishimiz mumkin. Bunday haydovchilar tomonidan 12956 ta yoki barcha qoidabuzarliklarning 27,6 foizi sodir etilgan. Shuningdek, 40 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan haydovchilar ulushi yuqori 9285 yoki barcha baxtsiz hodisalarning 20 foizi.

Xorijlik haydovchilar qancha YTH sodir etgan?

2022 yilning 1-yarim yilligida xorijlik haydovchilar tomonidan jami 2382 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan, bu umumiy ko‘rsatkichning 5,1 foizini tashkil qilgan.
Bu YTHlar umumiy sonida nisbatan kichki bo‘lsada, mutlaq hisobda ularning soni sezilarli darajada oshgan. Xorijlik haydovchilar sodir etgan baxtsiz hodisalar soni 12,3 foizga, vafot etganlar soni 16,3 foizga, jarohatlanganlar soni 10,2 foizga oshgan, deyiladi IIV hisobotida.
Hududlarga kelsak, xorijlik haydovchilar ishtirokida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalarning eng ko‘pi - Moskva (18,7%) va Sankt-Peterburgda (17,5%), shuningdek Magadan va Saxalin viloyatlarida (14,1%) sodir bo‘lgan.
Eng ko‘p qoidabuzarlik sodir etgan xorijlik haydovchilar - Ozarbayjon (72,9%), O‘zbekiston (68,9%), Armaniston (62,7%), Tojikiston (64,5%), Qirg‘iziston (61,4%) fuqarolari bo‘lgan. Shuningdek, Qozog‘iston (55,1%) va Xitoy Xalq Respublikasi (51,9%) fuqarolari ham.
Chet ellik haydovchilar ishtirokida mastlik belgilari bilan sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari soni 4,4 foizga (119ta)ga oshgan. Shuningdek, bunday baxtsiz hodisalarda halok bo‘lganlar soni 10 foizga (22) oshgan. Jarohatlanganlar soni, aksincha, 6,8 foizga kamaygan (151ta).

YTHlar soniga nima ta’sir qilmadi?

Rossiyada TVni texnik ko‘rikdan o‘tkazish amalda bekor qilinganidan keyin baxtsiz hodisalarning ko‘payishi bashorat qilingan edi. Lekin birinchi yarim yillikda nosoz avtomobillar tufayli sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar soni 21,2 foizga kamaydi.
Shuningdek, bolalar ishtirokidagi baxtsiz hodisalar 3,4 foizga (8516 ta hodisa), temir yo‘l kesishmalarida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar soni 27 foizga (73 epizod) kamaygan.
Karshering haydovchilari 243 ta (-9,3%) baxtsiz hodisaga sababchi bo‘lishdi, taksi haydovchilari esa - 1 mingdan ko‘proq YTH (-8,9%) sodir etishdi.

Qanday avtohalokatlar o‘limga olib kelishi mumkin?

Umuman, birinchi yarim yillikda yo‘l-transport hodisalarida 5651 kishi halok bo‘lgan Bu o‘tgan yilga nisbatan -3,9 foizga kam. Shuningdek 2022-yilning birinchi yarmida 67,7 ming kishi (-7,5 foiz) YTHlarda tan jarohati olgan.

Aksariyat hollarda o‘limga olib keluvchi YTH turlari - avtomobilning yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqib ketishi - 1515 (26%,) tezlikning real vaziyatga mos kelmasligi - 1411 (25%) oqibatida sodir bo‘lgan.

Shuningdek, tezlik meyoridan oshib ketish, svetoforning qizil chirog‘ida harakatlanish va qarama-qarshi bo‘lakka chiqib ketish ham - YTHlarda jarohatlanishning asosiy sabablariga aylangan.
Yo‘lovchining trasportdan qulashi kabi baxtsiz hodisalar soni 15,6 foizga oshgan. Shuningdek transport vositalarining ag‘darilishi oqibatdida vafot etganlar (+31,1%) va to‘siqlar bilan to‘qnashuv (+15,8%) hamda velosipedchilar bilan to‘qnashuvlar soni (+7,1%) oshgan.

Mast holdagi haydovchilar kamaymoqda

Haydovchilarning alkogol yoki giyohvandlik belgilari bilan sodir bo‘lgan YTHlar soni yil boshidan buyon qariyb 20 foizga kamaydi – 5295 ta hodisa. Mast haydovchilar bilan sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar sonining bunday sezilarli darajada kamayishi mast holda haydash muammosiga kompleks yondashuv natijasidir, deb ta’kidlaydi Rossiya Davlat transport inspeksiyasi.
Masalan, yil boshidan buyon YPX xodimlari tomonidan 22 mingdan ortiq “mast haydovchi” tadbiri o‘tkazilgan. Mast holda transport vositasini boshqarish bilan bog‘liq 148 859 ta (-4,2%) faktning oldi olindi.
Yo‘lda mast haydovchini ko‘rgan yo‘l harakati qatnashchilari va faollar politsiyaga xabar berishlari ko‘paygan.

Qanday YTHlar soni ortmoqda

2022 yilning 6 oyi davomida elektr skuterlar, giroskoplar, segveylar va boshqa elektr motorli shaxsiy transport ishtirokida 370 ta baxtsiz hodisa ro‘y berdi, ularda 6 kishi halok bo‘ldi va 382 kishi jarohat oldi. O‘tgan yil bilan bilan solishtirganda bunday baxtsiz hodisalar soni 174 foizga oshgan, vafot etganlar soni – 100 foizga, yaradorlar – 176,8 foizga oshgan.
Rossiya Ichki ishlar vazirligining Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Mixail Chernikov ta’kidlaganidek, agar bir necha yil oldin elektr skuterlar soatiga 15-20 km dan tez tezlashmagan bo‘lsa, endi bunday qurilmalar ko‘pincha 100km/soat tezlikka erisha oladi. Hozirda IIV Transport vazirligi bilan birgalikda elektrotranportdan foydalanishni tartibga soluvchi bir qator qonuniy hujjatlarni ishlab chiqmoqda.

YHX - global tendensiya

Ma’lumki, BMT Bosh Assambleyasi 2020-2030 yillarda tomonidan butun dunyo bo‘ylab yo‘l harakati xavfsizligini yaxshilash va o‘lim darajasini kamida 50%ga pasaytirish o‘n yilligi e’lon qilingan. Shundan kelib chiqan holda BMT va JSST yo‘l harakati xavfsizligini yaxshilash bo‘yicha qator tavsiyalar ishlab chiqqan.
Unga ko‘ra, yo‘l harakati xavfsizligini rejalashtirishda inson omili, YTHlarning o‘limga olib keluvchi sabablarini, YTHda nafaqat haydovchi, balkim yo‘l quruvchilar, avtomobil ishlab chiqaruvchilar javobgarligini ham hisobga olish tavsiya etilgan.
Yo‘l harakati xavfsizligi: Mirziyoyev qanday topshiriqlar berdi