TOShKENT, 9 avg — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga asosan Toshkent shahar Chilonzor tumani hokimi va prokurori lavozimidan ozod etildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, kecha, 8-avgust kuni Prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov boshchiligida selektor yig‘ilishi o‘tkazilgan. Yig‘ilishda 7-avgust kuni Toshkent shahrida ro‘y bergan va aholining keskin noroziligiga sabab bo‘lgan daraxtlarning nobud qilinishi masalasi qattiq tanqid ostiga olingan.
Prezident yig‘ilish o‘tkazdi
© Prezident matbuot xizmati
Prezident topshirig‘iga asosan Toshkent shahar Chilonzor tumani hokimi Shavkat Mavlonov va prokurori Izzat Bozorov lavozimidan ozod etilgan.
Shuningdek, mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygani uchun poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga hamda prokurori Ulug‘bek Qosimovga qattiq hayfsan berilgan.
Ma’lumot uchun, Toshkentning Chilonzor ko‘chasini rekonstruksiya qilish jarayonida 7 dona eman daraxtining tomir qismiga shikast yetkazilgan. Ushbu holatda zudlik bilan choralar ko‘rilmasa, shikast yetkazilgan daraxtlar qurishi oqibatida tabiat va atrof muhitga 348,9 mln so‘m zarar yetishi mumkin.
Chilonzor ko‘chasida yo‘l kengaytirilishi sabab daraxtlarga zarar yetkazilgani aniqlandi
© Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati
Bosh prokuratura matbuot kotibi Xayot Shamsutdinovga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.