TOShKENT, 8 avg — Sputnik. Zaporojye atom elektr stansiyasini (AES) Ukraina artilleriya brigadasi tomonidan o‘qqa tutilishi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy rejimining yadroviy terrorchilik harakatidir. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi rasmiy vakili general-leytenant Igor Konashenkov ma’lum qildi.
“7 avgust kuni Zelenskiy rejimi Xerson va Zaporojye viloyatlarida gumanitar falokat yaratish maqsadida Zaporojye atom elektr stansiyasining energetika infratuzilmasi obyektlarida yangi yadroviy terrorchilik aktini amalga oshirdi”, - dedi Konashenkov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, atom elektr stansiyasini o‘qqa tutish Ukraina Qurolli kuchlarining 44-artilleriya brigadasi bo‘linmalari tomonidan soat 12:40 da Marganes aholi punkti hududidan, Kaxovka suv omborining qarama-qarshi qirg‘og‘ida amalga oshirildi.
Konashenkovning so‘zlariga ko‘ra, o‘qqa tutilish Zaporojye va Xerson viloyatlarini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi yuqori voltli liniyaga zarar yetkazgan.
Ma’lumot o‘rnida, yakshanba kuni Ukraina harbiylari hozirda Rossiya qo‘shinlari nazorati ostida bo‘lgan Zaporojye atom elektr stansiyasi hududiga zarba berishda davom etgan. Energodardagi otishmalar natijasida kamida bir kishi halok bo‘ldi.
Barcha yuzaga kelgan yong‘inlar o‘z vaqtida o‘chirildi, shuningdek, suv olish moslamasining shikastlanishi tufayli suv ta’minotida muammolar yuzaga kelganligi xabar qilindi.