TOShKENT, 8 avg — Sputnik. O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi Hindistonning Chennay shahrida o‘tkazilayotgan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasining o‘ninchi turida Hindiston-2 jamoasiga dona surdi va 2:2 hisobidagi durang natija qayd etdi.
Nodirbek Yoqubboyev, Jahongir Vohidov o‘z partiyalarini durang natija bilan yakunladi. Javohir Sindarov mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa, Nodirbek Abdusattorov kuchli raqib ustidan g‘alaba qozondi.
Qayd etish joizki, Abdusattorov qiyin vaziyatda bo‘la turib, yakunda g‘alabani qo‘lga kiritdi. Uning raqibi Gukesh Dommaraju edi. Dommaraju ham 9 ta o‘yindan buyon mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgandi.
Ushbu natijadan keyin O‘zbekiston erkaklar terma jamoasining ochkolari 17 taga yetdi.
Shu tariqa, O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasida peshqadamlik qilishmoqda.
O‘zbekiston ayollar terma jamoasi esa Paragvay terma jamoasini 3:1 hisobida mag‘lub etishdi. Terma jamoa safida Maftuna Bobomurodova va Afro‘za Hamdamova g‘alaba qozongan bo‘lsa, Nilufar Yoqubboyeva va Umida Omonova durang qayd etdi.