Mobil-ID sinov tariqasida ishga tushirildi

Mobil telefon raqami orqali ro‘yxatdan o‘tib, barcha davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 8 avg — Sputnik. "Elektron hukumat" tizimlariga kirishda shaxsni identifikatsiyalash va tasdiqlashning yangi moduli – Mobil-ID sinov tariqasida ishga tushdi. Bu haqda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP, my.gov.uz) xabar qildi.
Ta’kidlanishicha, endi ushbu modul yordamida fuqarolar doimo yonida olib yuruvchi mobil telefon raqami orqali ro‘yxatdan o‘tib, barcha davlat xizmatlaridan (moliyaviydan tashqari) elektron raqamli imzosiz foydalanishi mumkin.
Faqat buning uchun smartfonga MyGov mobil ilovasi yuklab olingan bo‘lishi kerak.
Fuqaroning YaIDXPdagi shaxsiy kabinetiga yuboriladigan barcha xabarnomalar uning xohishiga ko‘ra va belgilangan to‘lovlar asosida Mobil-ID tizimi orqali identifikatsiyalangan mobil telefon raqamiga SMS-xabar shaklida yuboriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda davlat xizmatlaridan foydalanishda Mobil-ID tizimi joriy etilishi xabar qilingan edi. Mobil-ID tizimi “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalash bo‘yicha yagona axborot tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi va shaxsni uning mobil telefon raqami orqali identifikatsiyalashni nazarda tutadi.
Pasport o‘rniga mobil telefon - yangi tartib avgustdan ishga tushadi