TOShKENT, 6 avg — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi 4-avgust kuni Ozarbayjon Respublikasining Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi Elchixonasiga g‘arazli maqsadda uyushtirilgan hujumni qat’iy qoraladi.
“Diplomatik vakolatxonalar xodimlarining hayoti va salomatligiga tahdid soladigan har qanday xatti-harakatlarni mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi, deb hisoblaymiz.
Hodisani har tomonlama tekshirish va barcha aloqadorlarni javobgarlikka tortishga chaqiramiz.
O‘zbekiston tomoni qardosh Ozarbayjonni xorijdagi fuqarolarining xavfsizligi va himoyasini ta’minlashda qo‘llab-quvvatlashini bildiradi”, - deyilgan TIV bayonotida.
4 avgust kuni Ozarboyjon Respublikasining Buyuk Britaniyadagi elchixonasiga bir guruh namoyishchilar tomonidan hujum uyushtirildi.
Bu haqda xabar olgan mahalliy politsiya soat 16:30 atrofida voqea joyiga yetib borgan. Jabrlanuvchilar yo‘qligi, 8 kishi qo‘lga olingani aytilmoqda. Ular elchixona binosiga noqonuniy tarzda kirish va binoga zarar yetkazishda ayblanyapti.
Mahalliy OAVga ko‘ra, hujumni “Mahdiy xizmatchilari uyushmasi” nomli shialarning radikal guruhi a’zolari uyushtirgan.