TOShKENT, 3 avg — Sputnik. Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) mintaqalari o‘rtasida sayyohlar uchun charter reyslarni tashkil etish taklifini bildirdi, deb xabar bermoqda Sputnik muxbiri.
Ermanov Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan ShHTga a’zo davlatlar Hududlari rahbarlarining forumi doirasidagi sessiyada yana qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Xususan, Xorazm rahbari ShHTga a’zo mamlakatlar hududlarining sayyohlik salohiyati namoyish qilish hamda sayyohlik yo‘nalishlari bo‘ylab o‘zaro axborot va matbuot turlarini tashkil etishni taklif qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tashkilot hududida mavjud turistik salohiyatni targ‘ib qilish, turizm sohasidagi qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish muhimdir.
Shuningdek, Ermanov Xorazmda ShHT mamlakatlari mehmonxona tarmog‘i filialini ochish taklifini o‘rtaga tashladi.
Avvalroq Buxoro 2023-yilda ShHT turizm forumiga mezbonlik qilishi mumkinligi xabar qilingan edi.