TOShKENT, 2 avg — Sputnik. Oq uy 30-iyul kuni Afg‘onistonda o‘tkazilgan aksilterror operatsiyasi davomida “Al-Qoida”* terrorchilik tashkiloti yetakchisi Ayman az-Zavohiriyni yo‘q qilinganini tasdiqladi.
Avvalroq “Politico” nashri o‘z manbalariga tayangan holda Kobulda Ayman az-Zavohiriyni yo‘q qilingani haqida xabar tarqatgan edi.
AQSh prezidenti Jo Bayden az-Zavohiriyni yo‘q qilish bo‘yicha amalga oshirilgan operatsiya har tomonlama muvaffaqiyatli bo‘lganini ta’kidlagan.
“Uning (az-Zavohiriyning – tahr.) oila a’zolaridan hech kim jabrlanmagan, tinch aholi vakillaridan qurbonlar yo‘q”, – deya qo‘shimcha qildi Bayden.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Al-Qoida”* yetakchisi uchuvchisiz qurilmalardan uchirilgan “Hellfire” raketalari yordamida yo‘q qilingan.
Misrlik al-Zavohiriy Usama bin Lodin 2011-yilda amerikaliklar tomonidan yo‘q qilinganidan keyin “Al-Qoida”ga* rahbarlik qilgan. Al-Zavohiriy AQSh razvedka idoralari tomonidan eng faol qidirilayotgan terrorchilar ro‘yxatida bo‘lgan va rasmiy Vashington uning qayerda ekani haqidagi ma’lumot uchun 25 million dollargacha pul mukofoti taklif qilgan.
* Rossiya, O‘zbekiston va qator davlatlarda taqiqlangan terrorchilik tashkiloti