TOShKENT, 30-iyul — Sputnik. Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT)ning Samarqandda bo‘lib o‘tadigan sammitida ko‘rib chiqiladigan hujjatlar to‘plamini kelishish jarayoni yakunlandi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatiga asosan RIA Novosti xabar berdi.
Shavkat Mirziyoyev ShHT Tashqi ishlar vazirlari kengashi majlisi ishtirokchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
"Davlat rahbari O‘zbekistonning ShHTga raisligi doirasida 70 dan ortiq yirik tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazilayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Samarqand sammiti yakunlari bo‘yicha qabul qilinishi ko‘zda tutilgan 28 ta hujjatni kelishuv jarayoni yakunlandi”, - deyilgan xabarda.
Hujjatlar mintaqa ichida tovar ayirboshlash hajmini oshirish, sanoat sohasida hamkorlik va transport sohasida o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha konsepsiya va dasturlarni o‘z ichiga oladi.
“Yashil iqtisodiyot, innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar, logistika, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va boshqa sohalarda ham qo‘shma loyiha va tadbirlar ishlab chiqilmoqda”, — deyilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 2021-2022 yillarda O‘zbekiston ShHTga raislik qilmoqda. Tashkilotning navbatdagi sammiti 15-16 sentabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.
Ayni paytda 2001-yilda tashkil etilgan ShHTga O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Xitoy, Hindiston va Pokiston kiradi. Ayni damda Eron tashkilotga to‘laqonli a’zo bo‘lishga tayyorlanmoqda. Avvalroq Belarus tashkilotga a’zo bo‘lish uchun ariza bergandi. Afg‘oniston va Mo‘g‘uliston - kuzatuvchi-davlatlar hisoblanadi.