TOShKENT, 29-iyul — Sputnik. Pokiston O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan transport yo‘laklarini rivojlantirish va yaratish bo‘yicha ShHT hamkorlik konsepsiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqida Pokiston tashqi ishlar vaziri Bilaval Bxutto Zardoriy ma’lum qildi.
Vazir ShHTga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari Kengashining yig‘ilishida so‘zlagan nutqida Pokiston O‘zbekiston va Afg‘oniston bilan birgalikda Transafg‘on temir yo‘lining keng ko‘lamli loyihasi ustida ish olib borilayotganini qayd etib o‘tdi.
Ushbu loyiha Markaziy Osiyo davlatlari ayniqsa, Pokiston dengiz portlariga chiqish imkoniyatini beradi, shuningdek, ShHT mintaqasi mamlakatlari bilan yuk tashish aloqalarini ta’minlaydi.
Ma’lumot uchun, transafg‘on temir yo‘l koridori “Termiz – Mozori -Sharif – Kobul – Peshovar” yo‘nalishidir. Loyihaning taxminiy qiymati 4,6 mlrd dollarni tashkil etadi, amalga oshirish muddati 5-yil.
Transafg‘on temir yo‘li loyihasini amalga oshirish yuk tashish vaqti va narxini 30-40 foizga qisqartiradi.
Eslatib o‘tamiz, bugun Toshkentda ShHTga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari Kengashining navbatdagi yig‘ilishi o‘z ishini boshladi.
O‘zbekiston TIV xabariga ko‘ra, uchrashuv 2022-yil 15-16 sentabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Tashkilot sammitiga tayyorgarlikning yakuniy bosqichidir.