Eng ko‘p avtoraqamni qaysi hudud haydovchilari sotib olgan

Eng ko‘p avtoraqamlarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi haydovchilar xarid qildi.
Sputnik
TOShKENT, 28-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda eng ko‘p avtoraqamlarni Toshkent shahri va Toshkent viloyati haydovchilari xarid qildi. Bu haqida O‘zbekiston tovar-xom ashyo birjasi xabar berdi.
Aytilishicha, 2022-yil 6 oylik yakunlariga ko‘ra avtoraqam.uzex.uz savdo tizimida 174,0 mlrd so‘mlik 77 mingdan ziyod avtoraqamlar onlayn-auksion orqali sotilgan.
Hududlar kesimida eng ko‘p avtoraqamlar Toshkent shahri va Toshkent viloyati (45%), Samarqand (8%), Buxoro, Farg‘ona va Qashqadaryo (6% dan) viloyatlarida xarid qilingan.
Qayd etilishicha, avtoraqamlarning sotuvi son jihatdan 10% ga, hajmi bo‘yicha – 27% ga o‘sdi.
Sotilgan avtoraqamlarning 93% jismoniy shaxslar, 7% - yuridik shaxslar tomonidan xarid qilingan.
Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning 29% birinchi toifadagi avtoraqamlar, 22% – ikkinchi, 13% – uchinchi, 9% – to‘rtinchi, 12% – beshinchi va 15% – oltinchi toifa avtoraqamlarga to‘g‘ri kelgan.
O‘tgan davrda tuzilgan bitta bitimning o‘rtacha qiymati 2,2 mln so‘mni tashkil etdi. Sotilgan avtoraqamlarning eng past bahosi – 545,4 ming so‘m, eng qimmat avtoraqamning qiymati esa 348,0 mln so‘mga teng bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, avtoraqamlarni onlayn-auksionlarda sotilishidan kelib tushgan mablag‘larning 80% –Davlat budjetiga, 20%– IIVning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va boshqa xarajatlar Maxsus jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.
Eslatib o‘tamiz, may oyida O‘zbekistonda eng qimmat avtomobil raqami — 50 777 ZZZ kim oshdi savdosida 669 600 000 so‘mga sotilgandi.