XIV Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida qanday tadbirlar rejalashtirilmoqda

Kinofestival doirasida Rossiya va Fransiyada “O‘zbek kino kunlari” bo‘lib o‘tadi.
Sputnik
“Ipak yo‘li durdonasi” XIV Toshkent xalqaro kinofestivali 12-18 sentabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Mazkur kinofestivalning yopilish marosimi Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti doirasida o‘tkaziladi. Unda “Shanxay kino kunlari” tashkil etilib, a’zo mamlakatlarning milliy filmlari namoyish qilinadi.
Hozirda kinofestivalni yuqori saviyada o‘tkazish uchun tayyorgarlik ishlari ketmoqda. Bu haqda O‘zbekiston kinosanoati vakillari uyushmasi rahbari, Kinematografiya agentligi Xalqaro bo‘lim boshlig‘i Javlon Kamalov Sputnik muxbiriga ma’lumotlarni taqdim etdi.
“Hozirda xalqaro ShHTga a’zo davlatlarning onlayn muloqotlar o‘tkazilib, kinofestivalda ushbu davlatlarning milliy filmlarining namoyishlari tashkil etilishi kelishib olindi. 1-2 avgust kunlari Turkiya Radio televideniyasi bilan ikki tomonlama hamkorlik qilinishi bo‘yicha hamkorlik shartnomasini imzolanadi hamda “Korkut Ata Film Festival”ga tayyorgarlik ko‘rish doirasida muzokaralar o‘tkaziladi”, - deydi Kamalov.
19-24 avgust kunlari Rossiyada “O‘zbek kino kunlari” bo‘lib o‘tadi. Unda Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va Rossiya va MDH davlatlarining qo‘shma kinofilmlar ishlab chiqarish bo‘yicha xalqaro konferensiya tashkil etiladi.
Sankt-Peterburg shahrida Rossiya va MDH davlatlarining qo‘shma kinofilmlar ishlab chiqarish bo‘yicha xalqaro konferensiyasi tashkil etiladi. Ushbu konferensiya “Lendok” kinostudiyasining 90-yillik yubileyi munosabati bilan o‘tkazilmoqda. Mazkur Sankt-Peterburg hujjatli filmlar studiyasi 1932-yilda ochilgan bo‘lib, birinchi filmi Birinchi jahon urushida Leningrad qamaliga bag‘ishlangan “Kurashdagi Leningrad” (“Leningrad v borbe”, 1942) deb nomlangan.
Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov O‘zbekistonning Xitoydagi elchisi Farhod Arziyev va madaniyat sohasi vakillari Davron Bilolov, Mansur Ibragimov, Temur Sademinovlar bilan videomuloqot o‘tkazgan. Unda o‘zbek va xitoy kinematografiya vakillari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, XIII asrda Xitoyning Yunnan viloyatida hokim vazifasida faoliyat yuritgan, asli kelib chiqishi buxorolik bo‘lgan Said Ajjol Shamsuddin Umar haqida 3 qismli hujjatli film yaratish loyihasi muhokama qilingan.
Film loyihasining taqdimoti 2022-yil sentabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan ShHTga a’zo davlatlar rahbarlarining uchrashuvida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Kinematografiya agentligi hamda Isroilning “Davidov Brothers Company” bilan hamkorlikda “Ikkinchi tug‘ilish” (“Vtoroe rojdenie”) nomli ko-produksiya” loyihasini ishlab chiqarish bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Unda kompaniya produseri Xay David hamda taniqli aktor Ronen David ishtirok etishadi.
Shuningdek, Fransiyaning mintaqaviy attashesi Emmanuel Fossiyon, elchixona maslahatchisi Lore Ariyol bilan Kinematografiya agentligi xalqaro bo‘lim boshlig‘i Javlon Kamalov hamda mutaxassis Sirojiddin Tohirov bilan o‘zaro hamkorlik masalalari bo‘yicha davra suhbati bo‘lib o‘tgan.
“Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida Fransiyada “O‘zbek kino kunlari” o‘tkaziladi. Shuningdek, hamkorlikda yangi filmlar suratga olish, yosh ijodkorlar o‘rtasida pitching-taqdimotlar va taniqli fransuz kinomutaxassislari ishtirokida mahorat darslari o‘tkazish kabi masalalar kelishib olindi”, - dedi Kamalov.
Jumladan, Fransiya milliy kinomarkazi mutaxassislari Julyen Ezanno va Katrin Desrosye, “Unifrance” kinokompaniyasidan Juli Paratan, Frederik Juv va Rebekka Xuzel ishtirok etishdi.
Men sizga havas qilaman va tabriklayman - Nikita Mixalkov "O‘zbekfilm"ga
Toshkent xalqaro kinofestivalida 30 ga yaqin mamlakatlardan taniqli kinoijodkorlar va mutaxassislar ishtirok etadi. Dasturdan yangi filmlarning eksklyuziv premyeralari, shou-konsertlar, “Kino 5 kunda” yosh ijodkorlar tanlovi, davra suhbatlari, mobil fleshmoblar, uchrashuvlar va mahorat darslari o‘rin olgan.
“Kamera, motor!”: Toshkent xalqaro kinofestivali qayta tiklandi
Toshkent xalqaro kinofestivali 1968-1997 yillarda o‘tkazilib kelingan. Unda Osiyo, Afrika Lotin Amerkasi va Yevropa mamlakatlari o‘z filmlari bilan ishtirok etgan.
2021 yili O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan kinofestival “Ipak yo‘li durdonasi” nomi bilan qayta tiklandi va har yili o‘tkaziladigan bo‘ldi. Yorqin megashou, kutilmagan uchrashuvlar, qaynoq premyeralar, fleshmoblar va jahonga mashhur yulduzlarni bir joyga jamlagan kinofestivalda o‘tgan yili dunyoning turli burchaklaridan kelgan 450 dan ortiq mehmonlar ishtirok etishdi. Lyuk Besson, Valdis Pelsh, Mitxun Chakraborti, Randxir Kapur, Timur Bekmambetov, Stiven Sigal, O‘zjan Deniz, Filipp Kirkorov, Ravshana Kurkova, Pavel Priluchniy, Melisa Pamuk va boshqalar.
Alohida ta’kidlash kerakki, kinofestival doirasida S.A. Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti (VGIK)ning Toshkent filiali ochilgan. Mazkur OTM Markaziy Osiyodagi yagona filial bo‘lib, hozirda Kinematografiya agentligi huzurida faoliyat yuritadi.