Tez tibbiy yordam markaziga yangi direktor tayinlandi

Abduvoitjon G‘afurov Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori vazifasini bajaruvchisi bo‘ldi.
Sputnik
TOShKENT, 25-iyul — Sputnik. Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘i bilan Abduvoitjon G‘afurov Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.
Abduvoitjon G‘afurov 41 yoshda. U iqtisodchi va dasturchi-muhandis mutaxassisligiga ega. O‘z faoliyati davomida qator xususiy sektor korxonalarida texnik, ijrochi va bosh direktor kabi rahbarlik lavozimlarida ish olib borgan.
Ma’lumot uchun, hozirda tez tibbiy yordam xizmati hamda tibbiy avtoxo‘jaliklar negizida Respublika tez tibbiy yordam markazi va uning 14 ta hududiy filiali o‘z faoliyatini olib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, 16-iyun kuni prezident tomonidan imzolangan qarorga ko‘ra, 14 ta hududdagi dispetcherlik xizmatlari tugatildi.
Endilikda, 1-dekabrga qadar Andijon, Jizzax, Samarqand va Surxondaryo viloyatlari, 2023-yil 1-sentabrga qadar esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Sirdaryo, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari tuman (shahar)larida “Call-markaz”lar o‘z faoliyatini boshlaydi.