TOShKENT, 25-iyul- Sputnik. Rossiya davlat film fondidan qariyb 100 ta O‘zbekistonda suratga olingan multfilmlar topildi. Bu haqida Sputnik muxbiri O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining VI Xalqaro kongressidan xabar berdi
Avval ushbu kinolentalar yo‘qolgan deb hisoblangan. Biroq Rossiya davlat film fondi xodimlari O‘zbekiston tomonining iltimosi bilan arxivlarni qidirishgan va multfilm lentalarini topishgan.
Ayni paytda barcha multplikatsion lentalar O‘zbekistonda. Bu haqida xalqaro kongressning “Media va O‘zbekiston madaniy merosini saqlash” davra suhbatida ma’lum qilindi. Yaqin kunlarda O‘zbekiston kinematografiya agentligi topilgan multfilmlar ro‘yxatini taqdim etadi.
Eslatib o‘tamiz, Samarqandda 22-24 kunlari Butunjahon jamiyatining “O‘zbekiston madaniy merosi - yangi Renessans poydevori” VI Xalqaro kongressi bo‘lib o‘tdi.
Kongressning asosiy voqeasi “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi o‘nta yangi jildli kitob-albomlarning taqdimoti bo‘ldi. Illyustratsiyali kitoblar to‘plami allaqachon 60 jildga yetdi. Dunyoning 25 tadan ziyod mamlakatlaridan 350 dan ortiq olimlar, 100 yirik kutubxona va muzeylar to‘plam ustida ish olib borishgan.
Kongressda 250 dan ortiq dunyoga mashhur sharqshunos olimlar, xalqaro muzeylar direktorlari, akademiklar, professorlar, fan doktorlari qatnashgan.
Tadbir O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati tomonidan o‘ndan ortiq xalqaro va beshta milliy tashkilot ko‘magida tashkil etildi.