JIDU “Smart Universitet”ga aylantiriladi

2022/2023 o‘quv yilidan universitetning iqtidorli talabalari O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida amaliyot o‘taydilar.
Sputnik
TOShKENT, 25-iyul — Sputnik. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti “Smart Universitet”ga aylantiriladi. Bu haqida prezident tomonidan imzolangan PQ-330-sonli qarorda nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, 2022/2023 o‘quv yilidan yangi avlod oliy ta’lim muassasasi – “Smart Universitet” konsepsiyasi asosida universitet faoliyati transformatsiya qilinadi.
Universitetda akademik faoliyat ilmiy-tahliliy yo‘naltirilganlik va akademik yaxlitlik ta’lim texnologiyalari hamda ularni ta’minlovchi dasturiy-apparat kompleksi asosida, shu jumladan antiplagiat tizimini joriy etgan holda tashkil etiladi.
Professor-o‘qituvchilar uchun imkoniyatlar
Har yili universitetning kamida 10 nafar professor-o‘qituvchisi, doktorant va magistrantlar xorijiy davlatlarning yetakchi ta’lim muassasalariga ilmiy stajirovka va malaka oshirish uchun yuboriladi.
Universitetga professor-o‘qituvchilariga ilmiy unvonlarni berish hamda ularni ishga qabul qilishda akademik mustaqillik negizida berilgan ilmiy unvonlar va ilmiy darajalarni tan olish vakolati beriladi.
Talabalar uchun imkoniyatlar
2022/2023 o‘quv yilidan universitetning iqtidorli talabalari ishlab chiqarish amaliyotini o‘tash uchun O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalariga yuboriladi.
Yangi o‘quv yilining ikkinchi semestrida 4 ta universitet bilan talabalar almashinuvi tashkil etiladi. Unda ichki akademik mobillik dasturlari asosida ta’lim olish istagini bildirgan talabalar uchun bir semestr mos ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitish tashkil etiladi.
Universitetlar:
Samarqand davlat universiteti;
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti;
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti;
Toshkent davlat yuridik universiteti.
2025 yil 1-yanvargacha Universitet jurnalini Scopus xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazasiga kiritish choralari ko‘riladi.
Qolaversa, universitet huzurida “Xalqaro munosabatlar: siyosat, iqtisodiyot, huquq” jurnali tahririyati tashkil etiladi.