TOShKENT, 22-iyul — Sputnik. Bugun kunduz kuni respublika bo‘yicha quruq va issiq ob-havo saqlanib turadi. Bu haqida O‘zgidromet xabar berdi.
Aytilishicha, ba’zi joylarda shamol chang-to‘zonlar bilan 15-20 m/s gacha kuchayishi mumkin.
Farg‘ona viloyatining tog‘ oldi va tog‘li hududlarida glyatsial (muz) sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.
Havo harorati +40-45 daraja, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda +47 daraja gacha bo‘ladi.
Poytaxtda havo quyoshli bo‘ladi. Maksimal harorati +41-43 darajaga yetadi.
Tog‘li hududlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi, ba’zi joylarda shamol 15-20 m/s gacha kuchayishi mumkin. Havo harorati +30-35 daraja bo‘ladi.
Qayd etilishicha, iyul oyida sayyoraning ko‘pgina mintaqalarida bo‘lgani kabi O‘zbekiston hududida ham global isish tendensiyasi oshib bormoqda.
Shundan kelib chiqqan holda, O‘zgidromet aholidan issiq ob-havoda o‘zini tutish qoidalariga rioya qilishlari va sog‘lig‘iga e’tiborli bo‘lishlarini so‘ramoqda.