TOShKENT, 20-iyul — Sputnik. 20 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining XXXI sessiyasida deputatlar O‘zbekiston prezidentiga murojaat yo‘llash to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi.
JK matbuot xizmatining xabar berishicha, respublika parlamenti 2-iyuldan boshlab bir oy muddatga joriy etilgan favqulodda holatni yumshatishni so‘ragan.
Avvalroq "Yangi O‘zbekiston" gazetasi murojaatda favqulodda holatni bekor qilish va ommaviy tartibsizliklarni sodir etganlikda gumonlangan aybsiz fuqarolarni, xususan, yoshlarni afv etishni so‘ragani haqida xabar bergan edi. Ayni vaqtda mazkur xabar tahrirlangan.
Avvalroq Qoraqalpog‘istondagi vaziyatning barqarorlashgani hisobga olib, komendantlik soatining amal qilish vaqti qisqartirilgandi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Nukusdagi ommaviy tartibsizlik va buzg‘unchilik davomida 21 kishi vafot etgan, 250 nafardan ziyod kishi jarohat olgan. Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan ommaviy tartibsizliklar oqibatida fuqarolar va tadbirkorlarning mol-mulklari, davlat va ijtimoiy infratuzilma obyektlariga 3 mlrd 147 mln so‘m zarar yetkazilgan.
O‘zbekiston hukumati 1–2 iyul kunlari Nukusda ro‘y bergan voqealarni O‘zbekiston Respublikasining konstitutsion tuzumi, hududiy yaxlitligi va birligini vayron qilishga urinish deb baholagan.
Bosh prokuratura O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 159-moddasi 4-qismi (Hokimiyatni bosib olish yoki konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish) va boshqa moddalar bilan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish ochgan. Dastlabki tergov doirasida 14 nafar shaxs hibsga olingan.