TOShKENT, 20-iyul – Sputnik. Suriya Ukraina bilan diplomatik munosabatlarni to‘xtatdi. Bu haqda SANA axborot agentligi Suriya Tashqi ishlar vazirligidagi manbaga tayanib xabar bergan.
“Suriya Kiyevning qaroriga javoban Ukraina bilan o‘zaro munosabatlar tamoyili asosida diplomatik munosabatlarni uzishga qaror qildi”, - deya agentlik TIVdagi suhbatdoshining so‘zlaridan iqtibos keltirgan.
Damashqning fikricha, Kiyev 2018-yilda, suriyalik diplomatlarning vizalarini uzaytirishdan bosh tortganida munosabatlarni uzgan.
“Ushbu qadam natijasida diplomatlar o‘z vazifalarini bajara olmadi, Ukraina rasmiylarining dushmanona pozitsiyasi hamda G‘arb va AQShning Suriyaga nisbatan siyosatiga ko‘r-ko‘rona bo‘ysunishi tufayli elchixona faoliyati to‘xtatildi”, deyilgan manbada.
Damashq joriy yil 29-iyun kuni Donesk va Lugansk xalq respublikalari mustaqilligini tan oldi. Ertasi kuni Ukraina Tashqi ishlar vazirligi konsullik aloqalarini saqlab qolgan holda Suriya bilan diplomatik munosabatlarni uzganini e’lon qildi. Ular Suriyaning DXR va LXRni tan olish qarorini nodo‘stona qadam, Ukraina hududiy yaxlitligiga tajovuz deb bilishlarini ta’kidladi.
Kiyev, shuningdek, Suriyaning yuridik va jismoniy shaxslariga qarshi savdo embargosi va sanksiyalar joriy etish rejalarini ham ma’lum qildi.