TOShKENT, 20-iyul — Sputnik. Yer ustida harakatlanuvchi metro poyezdlar harakat tezligi 25 km/soatgacha tushirildi. Bu haqida "Toshkent metropoliteni" xabar berdi.
Qayd etilishicha, "Yer usti halqa yo‘li" va "Sergeli" yo‘lining temir yo‘llari va ularning po‘lat qismlaridagi harorat +65 darajaga yetgan.
“Poyezdlar harakati va yo‘lovchilar xafsizligini ta’minlash maqsadida belgilangan qoidalarga ko‘ra, yer ustida harakatlanuvchi metro poyezdlar harakat tezligi 25 km/soatgacha tushirildi”, - deyiladi xabarda.
Qolaversa, poyezdlar harakat jadvalini meyorda saqlash maqsadida "Chilonzor" yo‘nalishining yer osti yo‘li qismida ("Olmazor"-"Buyuk ipak yo‘li") poyezdlar tezligi 40 km/soatga tushirildi.
Ma’lumot uchun, avvalroq anomal issiq ob-havo sabab barcha turdagi (yuk va yo‘lovchi) poyezdlar tezligiga cheklovlar kiritilgandi. Natijada yo‘lovchi poyezdlarning harakat jadvali, ayniqsa jo‘nash hamda manziliga yetib borish vaqtlarida o‘zgarish bo‘lgan.