TOShKENT, 19-iyul — Sputnik. Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an kecha, 18-iyul kuni Shvetsiya va Finlyandiya terrorchilik tashkilotlariga qarshi kurash bo‘yicha shartlarni bajarmasa, Anqara bu ikki davlatning NATOga qo‘shilish jarayonini muzlatib qo‘yishi mumkinligini aytdi. RIA Novosti.
“Yana bir bor takrorlayman, agar talablarimiz bajarilmasa, jarayon sekinlashadi. Ayniqsa, Shvetsiya to‘g‘ri munosabat bildirmayotganini ko‘rib turibmiz”, degan Erdog‘an vazirlar mahkamasi yig‘ilishidan keyin xalqqa murojaatida.
Turkiya, Shvetsiya va Finlyandiya tashqi ishlar vazirlari joriy yil 28-iyun kuni Madriddagi NATO sammiti doirasida shimoliy davlatlarning alyansga kirishi yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashlaydigan memorandumni imzoladi.
Hujjatda terrorchilikka qarshi kurashda Anqara bilan, xususan, Kurdiston ishchilar partiyasi, uning bo‘limlari, shuningdek, Turkiya terrorchi tashkilot deb hisoblagan “FETO tashkiloti” bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Turkiya hukumati dastlab Shvetsiya va Finlyandiyadan terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha yozma majburiyatlarni talab qilgan.
18 may kuni ikki shimoliy davlat NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirdi. Kutilganidek, ular Madriddagi alyans sammitiga qo‘shilish taklifini olishlari kerak edi, biroq Turkiya vetosi bu jarayonga to‘sqinlik qildi.