YeOII va Indoneziya erkin savdo zonasini yaratish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazmoqchi

YeOII va Indoneziya o‘rtasida erkin savdo zonasini yaratish bo‘yicha muzokaralar boshlanishi mumkin.
Sputnik
TOShKENT, 19-iyul — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) va Indoneziya o‘rtasida erkin savdo hududi bo‘yicha muzokaralar tez orada boshlanishi mumkin. Bu haqda Rossiyaning Indoneziyadagi elchisi Lyudmila Vorobyova RIA Novostiga ma’lum qildi.
“Biz hozir YeOII va Indoneziya o‘rtasida erkin savdo zonasini yaratish bo‘yicha muzokaralarni boshlash arafasida ekanligimizni ta’kidlay olaman”, - dedi Rossiyaning Indoneziyadagi diplomatik missiyasi rahbari.
“Bunday qaror allaqachon Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi Oliy kengashi tomonidan qabul qilingan va bu amalga oshirilishi kerak. Umid qilamizki, bu jarayon yil oxirigacha yo‘lga qo‘yiladi”, - deya qo‘shimcha qilgan Vorobyova.
O‘zbekiston 2020-yil dekabr oyida YeOIIda kuzatuvchi davlat maqomini olgan edi. Ittifoq 2014-yilda Rossiya, Belarus va Qozog‘iston o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida tashkil etilgan xalqaro tashkilotdir. Bu ittifoqqa 2015-yilda Armaniston va Qirg‘iziston a’zo bo‘lgan, Moldova va Kuba kuzatuvchi maqomiga ega.
YeOIIning maqsadi — a’zo davlatlar aholisining turmush darajasini yuksaltirish borasida barqaror rivojlanish uchun sharoitlar yaratish, tovarlar, xizmatlar, kapital va ish resurslarining yagona bozorini shakllantirishga harakat qilish, global iqtisodiyot sharoitida milliy iqtisodiyotlarning raqobatbardoshligini oshirish, har tomonlama modernizatsiyalash va o‘zaro kooperatsiyani rivojlantirishdan iborat.